Art Basel

Yaqinda Shveysariyada bo‘lib o‘tgan “Art Basel” anjumani doirasida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan “Moslashuvchan me’morchilik, san’at va madaniy xotira” mavzusidagi suhbat bo‘lib o‘tdi. Muhokama me’morchilik va san’at madaniy xotirani tushunish va saqlashga qanday hissa qo‘shishi mumkinligiga qaratildi.
Toshkent shahrida XX asr boshlarida qad rostlagan tarixiy ishlab chiqarish binosida joylashgan Zamonaviy san’at markazi ochilishiga alohida e’tibor qaratildi. Jamg‘arma tomonidan “Studio KO” me’morchilik byurosi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan ushbu noyob loyiha mintaqa madaniy xaritasida yangi diqqatga sazovor joyga aylanadi.
Bahs-munozarada O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova hamda rassomlar Muhannad Shono va Shohruh Rahimov ishtirok etdilar. Suhbatni Zamonaviy san’at markazi badiiy direktori va bosh kuratori d-r Sara Raza olib bordi.