Toshkentdagi Zamonaviy san’at markazi TIME jurnalining 2026-yilgi “Dunyoning eng ulug‘vor joylari” ro‘yxatiga kirdi
Toshkentdagi Zamonaviy san’at markazi TIME jurnali tomonidan har yili tuziladigan 2026-yilgi “Dunyoning eng ulug‘vor joylari” ro‘yxatiga kiritilganini faxr bilan ma’lum qilamiz.
Ushbu ro‘yxatni tuzish uchun TIME o‘zining xalqaro muxbirlar va mualliflar tarmog‘idan, shuningdek, ochiq ariza berish jarayoni orqali nominatsiyalarni to‘plagan. To‘plamga mehmonxonalar, kruizlar, restoranlar, diqqatga sazovor joylar, muzeylar, bog‘lar va boshqa maskanlar kiradi – ularning har biri butun dunyo bo‘ylab yangi va maftunkor taassurotlarni taqdim etgani uchun saralab olingan.
Tashrif buyurish uchun eng ajoyib yangi maskanlardan biri sifatida e’tirof etilgan Toshkent shahridagi Zamonaviy san’at markazini shu yilning o‘zida ochish rejalashtirilgan. Markaz O‘zbekistonda zamonaviy madaniyat bilan tanishish uchun yorqin xotiralarni qoldiruvchi dargohga aylanishi kutilmoqda. TIME o‘zining maxsus nashrida o‘tgan yilning kuz faslida Buxoro biyennalesi debyutidan so‘ng mamlakatning madaniy hayotiga nisbatan xalqaro e’tibor ortib borayotganini ham qayd etgan.
Markaz “Studio KO” fransuz me’morchilik byurosi tomonidan ko‘rkam qiyofada tarovat berilayotgan Toshkentdagi sobiq tramvay deposi va dizel stansiyasi binosida qo‘nim topadi. Markazning ochilishi “Hikmat” nomli ilk ko‘rgazma bilan nishonlanadi, unda o‘zbekistonlik kulol Shohruh Rahimov, koreyalik konseptual musavvir Kimsuja, tunislik haykaltarosh Nadya Kaabi-Linka va saudiyalik rassom Muhannad Shonodan iborat xalqaro san’at vakillari tarkibini birlashtiradi.
Chop etilgan maqolada, shuningdek, markazning ochilishini mintaqadagi keng qamrovli madaniy o‘zgarishlarning bir qismi sifatida ko‘rib chiqib, unda Markaziy Osiyo hozirgi zamon san’atining jahon sahnasida o‘zini tobora faolroq namoyon etayotgani ta’kidlangan.